Nukus davlat texnika universiteti talabalari Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish uchun yashil va raqamli yechimlarni ishlab chiqishga bagʻishlangan "Green & Digital Solutions for Central Asia" mintaqaviy xakatonining Oʻzbekiston bosqichida gʻolib boʻlib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Mazkur xakaton Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonning 18–30 yoshli yoshlarini birlashtirib, iqlim oʻzgarishi, energiya samaradorligi, suv resurslarini boshqarish, chiqindilarni qayta ishlash hamda raqamli ekologik monitoring sohalarida innovatsion gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Tanlovning Oʻzbekiston bosqichida Nukus davlat texnika universiteti jamoasi munosib ishtirok etib, 1-oʻrinni egalladi va Qirgʻizistonning Issiqkoʻl shahrida boʻlib oʻtadigan mintaqaviy final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Xakaton ishtirokchilari loyihalarini xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislari ishtirokida takomillashtirish, mentorlik koʻmagini olish hamda oʻz gʻoyalarini amaliy mahsulotga aylantirish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Nukus davlat texnika universiteti talabalarini erishilgan muvaffaqiyat bilan tabriklaydi hamda mintaqaviy final bosqichida ulkan zafarlar tilaydi.




